Dunyo
14.10.2026
1 661
Markaziy Afrika Respublikasi va Rossiya rasmiylari umumta’lim maktablari dasturiga rus tilini kiritish bo‘yicha kelishuv imzoladi

Rossiya va Markaziy Afrika Respublikasi (MAR) rasmiylari mamlakatdagi umumta’lim maktablarida rus tilini o‘qitish to‘g‘risidagi rasmiy qarorni imzoladi. Bu haqda Rossiya Maorif vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tajriba loyihasi doirasida dastlab MARdagi uchta maktabda oltinchi va undan yuqori sinf o‘quvchilari uchun rus tili darslari joriy etiladi. Rossiya tomoni mazkur maktablar uchun chet tili sifatida o‘qitiladigan 500 ta maxsus darslik topshirgan. Hamkorlikning keyingi bosqichida poytaxt Bangi shahridagi universitetda rus tili kafedrasini tashkil etish rejalashtirilgan. Qayd etilishicha, Bangidagi «Rossiya uyi» vakillari 2024-yildan buyon xususiy maktablarda dars berib kelgan bo‘lsa, endilikda bu til davlat maktablarining rasmiy o‘quv dasturidan ham joy oldi.
Ma’lumot uchun, MAR hududida 2017-yildan buyon Rossiya harbiy tuzilmalari faoliyat yuritib keladi. AQSH Kongressi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda ushbu mamlakatda 1,5 mingga yaqin rossiyalik harbiylar qolmoqda. 2026-yil sentyabr oyidagi Rossiya Davlat dumasi saylovlarida xorijdagi saylov uchastkalari orasida «Yagona Rossiya» partiyasi uchun eng yuqori natija (79 foiz) aynan MARda qayd etilgan edi.
Ulashish: