Dunyo
13.10.2026
2 244
KXDR yetakchisi Mudofaa inqilobi muzeyida bo‘lib, “Xvason-20” raketasi va boshqa zamonaviy qurol-yarog‘lar bilan tanishdi

© Foto: Reuters
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inga AQSH materigigacha yetib borish imkoniyatiga ega bo‘lgan “Xvason-20” qit’alararo ballistik raketasi namoyish etildi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda. Mazkur qurol Kim Chen In rafiqasi Ri Sol Ju va qizi Ju Ae bilan birgalikda tashrif buyurgan yangi Mudofaa inqilobi muzeyining ochilishida taqdim etilgan. Ko‘rgazmada harbiy dronlardan tortib bir nechta jangovar kallakka ega bo‘lgan strategik raketalargacha o‘rin olgan.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, stenddagi xaritada ushbu raketalar nafaqat AQSH hududi, balki Yaqin Sharq, Avstraliya va Janubiy Amerikagacha bo‘lgan masofani nishonga olishi mumkinligi aks ettirilgan. Ekspertlar bu namoyishni AQSH prezidenti Donald Trampning Osiyo safari chog‘ida Kim Chen In bilan uchrashishi mumkinligi haqidagi bayonotidan so‘ng, ehtimoliy sammit oldidan strategik ustunlikka erishishga qaratilgan targ‘ibot sifatida baholamoqda.
Shu bilan birga, KXDR 12-oktyabr kuni Yapon dengizi tomon navbatdagi taktik ballistik raketalarni sinov tariqasida uchirdi. Ulardan kamida bittasi 900 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tgan. Janubiy Koreya, AQSH va Yaponiya qurolli kuchlari mintaqadagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib, yuqori jangovar shaylik holatiga keltirilgan.
Ulashish: