Jamiyat
15.10.2026
1 555
Chust tumanidagi istirohat bog‘ida ro‘y bergan fojia yuzasidan sud hukmi chiqdi; sudlanuvchiga 3 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi

Namangan viloyati Chust tumanidagi istirohat bog‘laridan birida 60 yoshli ayolning attraksiondan yiqilib vafot etishiga sababchi bo‘lgan operator F.S.ga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi.
Aniqlanishicha, Pop tumanida yashovchi 60 yoshli fuqaro yaqinlari bilan istirohat bog‘iga borib, «Tornado» nomli attraksionga chiqqan. Operator dastlab ayolning yoshi va vazni og‘irligi tufayli unga ruxsat bermagan bo‘lsa-da, fuqaroning iltimosidan so‘ng o‘rindiqqa o‘tirishiga ijozat bergan. Attraksion harakatlanib pastga tushayotgan paytda ayolning tobi qochgan, oqibatda u yon tomonga yiqilib, boshi temir konstruksiyaga urilishi tufayli voqea joyida vafot etgan. Shuningdek, xavfsizlik kamar-moslamasi to‘liq mahkamlanmagani aniqlangan.
Sud-tibbiy ekspertizasi fuqaroning o‘limiga og‘ir bosh miya jarohati sabab bo‘lganini tasdiqlagan. Chust tumani sudi operatorni Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan aybli deb topib, unga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi hamda 2 yilga attraksion sohasida mas’ul lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qildi.
Ulashish: