O'zbekcha

O‘zbekistonda ilk bor turkman uzunqulog‘i nomli noyob ko‘rshapalak turi aniqlandi

Jamiyat

15.10.2026

eye

2 233

Fanlar akademiyasi olimlari “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘ida 55 yildan buyon qayd etilmagan noyob jonivorni topdi

news-single

O‘zbekiston hududida ilk bor Markaziy Osiyoning eng noyob va kam o‘rganilgan turlaridan biri hisoblangan turkman uzunqulog‘i ko‘rshapalagi aniqlandi. Mazkur topilma 2026-yilning sentyabr oyida Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti olimlari tomonidan “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘i hududida, Ustyurt platosining Turkmaniston bilan chegaradosh janubiy qismida o‘tkazilgan ilmiy ekspeditsiya chog‘ida qayd etildi.

Turkman uzunqulog‘i 1988-yilda zoolog Pyotr Strelkov tomonidan kulrang uzunquloqning kenja turi sifatida tasvirlangan bo‘lib, 2006-yilda morfologik va genetik tadqiqotlar asosida alohida mustaqil tur sifatida e’tirof etilgan. Mazkur ko‘rshapalakning tabiatda qayd etilgani haqidagi so‘nggi ma’lumot 1970-yilga to‘g‘ri keladi. Shundan so‘ng 55 yil davomida uning yangi vakillari aniqlanmagan va u haqdagi ma’lumotlar faqat muzey namunalariga tayangan.

2025-yilning kuzida xalqaro olimlar guruhi ushbu turni Turkmanistonning Qoraqum cho‘lida qayta aniqlagan bo‘lsa, Ustyurtdagi yangi topilma turkman uzunqulog‘ining O‘zbekiston faunasida ham mavjudligini tasdiqlovchi birinchi rasmiy dalil bo‘ldi. Tadqiqotlar Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) homiyligidagi xalqaro IKI loyihasi doirasida amalga oshirildi.

Ulashish:

Sayt axborotlaridan foydalanishda “aksent.uz” sayti havolasi ko‘rsatilishi shart. 1043 sonli OAV (veb-sayt) davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnoma.

Aksent.uz tahririyatining telefon raqami

+ () --

aksent.uz © 2026