Jamiyat
15.10.2026
3 321
Guruh a’zolari orasida nufuzli banklardan birining bosh ofisi kiberxavfsizlik bo‘limi xodimi ham bo‘lgan

Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahrida noqonuniy GSM-shlyuz qurilmalaridan foydalanib, soxta Call-markaz tashkil qilgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘ydi. Mirobod tumanidagi noturar binoni ijaraga olgan besh nafar shaxs hamda xonadonga maxsus qurilma o‘rnatgan 37 yoshli fuqaro o‘zaro til biriktirib harakat qilgan.
Muqaddam sudlangan 49 yoshli shaxs boshchiligidagi guruh tarkibida nufuzli banklardan birining bosh ofisi kiberxavfsizlik bo‘limi xodimi ham bo‘lgan. Jinoyatchilar turli banklar nomidan fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, ularning nomiga firibgarlar kredit rasmiylashtirmoqchi ekanini aytgan. Shu yo‘l bilan jabrlanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritib, kartalaridagi pullarni yechib olgan va onlayn kreditlar rasmiylashtirgan.
O‘zlashtirilgan jami 8 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar kriptovalyuta ko‘rinishida soxta mas’uliyati cheklangan jamiyat orqali xorijga olib chiqilib, legallashtirilgan. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov davomida guruhga aloqador bo‘lgan yana 10 nafar shaxs aniqlandi.
Ulashish: