Dunyo
16.10.2026
2 255
Yangi tartib vizasiz rejimdagi davlatlar fuqarolariga taalluqli bo‘lib, 2027-yil iyul oyidan boshlab to‘liq majburiy etib belgilanadi

Qozog‘iston chet el fuqarolari uchun elektron kirish ruxsatnomalarini joriy etmoqda. Yangi qoidalar 2026-yil 24-oktyabrdan kuchga kiradi, ruxsatnoma esa 2027-yil 1-iyuldan e’tiboran mamlakatga kirish uchun majburiy bo‘ladi. Mazkur o‘zgarishlar Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) mamlakatlari, Qozog‘iston bilan vizasiz rejim o‘rnatilgan davlatlar, shuningdek Turkiya, Eron, Hindiston, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya va BAA kabi davlatlar fuqarolariga tegishlidir.
Ruxsatnomani rasmiylashtirish bepul bo‘lib, ariza maxsus raqamli platforma orqali safardan kamida 72 soat oldin yuborilishi kerak. Hujjatning amal qilish muddati 180 kalendar kunini tashkil etadi. Tizim bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi: 2026-yil 1-noyabrdan ayrim nazorat-o‘tkazish punktlarida sinovdan o‘tkaziladi, 2027-yil yanvaridan Ostona va Olmaota aeroportlarida, mart oyidan esa barcha chegara postlarida amaliyotga kiritiladi. Sinov davrida ruxsatnomaning yo‘qligi chegaradan o‘tkazmaslikka asos bo‘lmaydi.
Shu bilan birga, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar, 65 yoshdan oshgan shaxslar, amaldagi Qozog‘iston vizasi yoki yashash guvohnomasiga ega bo‘lganlar hamda diplomatik korpus vakillari uchun elektron ruxsatnoma talab etilmaydi. Eslatib o‘tamiz, vizasiz rejimdagi fuqarolar umumiy qoidaga binoan Qozog‘istonda bir martalik tashrif bilan 30 kungacha, 180 kunlik muddat ichida esa jami 90 kungacha bo‘lishlari mumkin.
Ulashish: