Dunyo
16.10.2026
2 666
Qirg‘iziston prezidenti Botken aholisi bilan uchrashuvda mas’ullarga qondoshlar uchun pasport berish jarayonini kechiktirmaslik bo‘yicha ko‘rsatma berdi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov agar shaxs etnik qirg‘iz bo‘lsa, unga bir kun ichida fuqarolik va pasport berilishi shartligini ma’lum qildi. Davlat rahbari bu haqda Botken shahri aholisi bilan muloqot chog‘ida ta’kidlab o‘tdi.
Uchrashuv vaqtida O‘zbekistondan kelib, qirg‘iz fuqarosiga turmushga chiqqan etnik qirg‘iz ayoli ancha vaqtdan buyon fuqarolik ololmayotganidan shikoyat qilgan. Sadir Japarov ushbu masalani joyida o‘rganishni topshirar ekan, Afg‘oniston va Tojikistondan ko‘chib kelgan qondoshlar hamon «qayrilman» maqomida qolib ketayotganini tanqid qildi hamda ularga bir kunda fuqarolik rasmiylashtirib berish lozimligini uqtirdi.
Ma’lumot o‘rnida, avvalroq O‘zbekistondan Qirg‘iziston tasarrufiga o‘tgan Cho‘ng‘ara va Toshtepa qishloqlari aholisiga ham 2026-yil yakuniga qadar fuqarolik pasportlari berilishi ko‘zda tutilgan. Ilgari Farg‘ona viloyati tarkibida bo‘lgan ushbu aholi punktlarida 2,5 mingga yaqin kishi yashaydi va ularning aksariyati etnik qirg‘izlardir.
Ulashish: