Munosabat
16.10.2023
569
“Asaxiy Books” loyihasi asoschisi Firuz Allaev Gitlerga simpatiya haqida mulohazalari bilan bo‘lishdi.
“Asaxiy Books” loyihasini boshlagandan beri eng ko‘p o‘zbekchaga tarjima qilinishi so‘ralgan kitob qaysiligini bilasizmi? Gitlerning “Mayn Kampf” kitobi. Ha, hayron qoldirishi mumkin, lekin ijtimoiy tarmoqda, elektron pochta orqali eng ko‘p shu kitob tarjimasini so‘rashadi.
Undan tashqari tez-tez bir guruh odamlarimizda Gitlerga nisbatan simpatiya ko‘rinib turadi. So‘nggi voqealar sabab bu simpatiya ochiqdan-ochiq aytila boshladi. Afsuski, bu odamlar orasida oliy ma'lumotli bo‘lganlar ham juda ko‘p. Xuddi shunaqa, boshqa bir guruh vakillarida Stalinga nisbatan simpatiya, hatto muhabbatni ham sezganman.
Bu bizda amal qiladigan test tizimining negativ natijalaridan biri deb bilaman. Yillar davomida tarixni faqat test yechish uchun yodlash bilan o‘rgandik. O‘zim ham bir vaqtlar voqealar, shaxslar va hududlarni yodlaganman. Hamma ham natijaga qarab intiladi, o‘qituvchilar ham o‘quvchini imkon boricha testga tayyorlashga harakat qilishdi. Bu uchun ularni ayblab bo‘lmaydi.
Natijada, bir avlod, balki ikki avlod tarixda nima bo‘lganligini o‘rgandi, nima uchun bo‘lganligini o‘rganmadi. Natijada tarixga nisbatan tahlil deyarli yo‘q. Tanqidiy va tahliliy dunyoqarash o‘lgan.
Agar, bolalar Gitler yoki Stalinni qanaqadir tarixiy shaxs emas, ularning nima uchun yomonligi, nima vahshiyliklar qilganini, o‘z ota-bobomizni qanaqa qirgani va ularning insonlar taqdiriga zararini o‘rganishganda, bugun Gitlerga nisbatan simpatiya kamroq bo‘lardi menimcha.
Dushmanimning dushmani mening do‘stim deb qarash bu voqelikni juda soddalashtirish bo‘ladi. Shunchaki, hozirgi aniq kontekstda dushmanning dushmani ham dushmandir. Har holda aqli joyida, yaxshilik tomon bo‘lgan odam, dushmanning dushmani yomon bo‘lsa, shunchaki dushmanga dushman bo‘lgani uchun yaxshi demaydi.
Yana va yana o‘sha tahliliy va tanqidiy dunyoqarash masalasiga qaytaveramiz. Kim nima desa ishonib ijro qilib ketadigan “qo‘ylarni” emas, o‘z fikriga ega, tahlil qilib biladigan avlodni tarbiyalashimiz kerak. Bu bo‘lsa kuchli ta'lim, erkin ijod, kitob va san'at, oiladagi erkinlik orqaligina bo‘ladi.
Sharing: