English

Nodirbek Abdusattorov qanday yuqoriladi: rekordlar, statistikalar va “cho‘qqiga” yo‘l

Sport

04.04.2024

eye

202

news-single

Shaxmat tarixida kam sonli grossmeysterlargina 20 yoshga to‘lgunga qadar dunyoning kuchli beshligidan joy olishga muvaffaq bo‘lgan. Vatandoshimiz Nodirbek Abdusattorov Chess.com muxbiri bilan suhbatda shaxmat “cho‘qqisiga” yo‘li haqida gapirib berdi. Aksent.uz ushbu suhbatning “qaymog‘i”ni sizga taqdim etadi.

O‘zbek vunderkindi bir urinishda 11-o‘rindan 4-o‘ringa ko‘tarilib, mamlakatimiz tarixida birinchi marta dunyoning kuchli 10 nafar shaxmatchisi qatoriga kirdi. U jahon chempioni Ding Lirendan uch ochko oldinda.

Abdusattorov 2024-yilda Tata Steel Chess Masters va Prague Chess Festival’ni muvaffaqiyatli o‘tkazib, o‘z reytingini 2765 ga yetkazishga erishdi. Undan oldin atigi besh nafar shaxmatchi 20 yoshigacha dunyoning kuchli beshligidan joy olgan. Masalan, Garri Kasparov 1982-yilda, Aleksey Shirov 1992-yilda, Vladimir Kramnik 1994-yil, Magnus Karlsen 2010-yilda va Alireza Feruja 2021-yilda kuchli o‘nlikka kirishni uddalagan.

 

 

Nodirbek bunga munosabat bildirar ekan, jilmayib shunday dedi: “Ushbu natija meni hayratda qoldirdimi? Bilmadim. Bu ajoyib yutuq, shu bilan birga katta mas’uliyat ham. Men yangi bosqichga ko‘tarildim va bu yerda ekanligimdan xursandman. Men ko‘proq narsaga erishish uchun qo‘limdan kelganini qilaman, lekin menga buning uchun vaqt kerak”.

Abdusattorov rekordlarni sindirib, parchalab tashlashni yaxshi ko‘radi. U o‘zining o‘tgan qisqa davrdagi faoliyati davomida ko‘plab rekordlarni yangiladi. Masalan, 2021-yili Varshavada bo‘lib o‘tgan shaxmatning rapid turi bo‘yicha musobaqada g‘olib bo‘lib, 17 yoshida eng yosh jahon chempioniga aylandi.

O‘zbekistonlik grossmeyster, shuningdek, atigi o‘n yarim yoshida 2400 Elo (shaxmatdagi reyting o‘lchovi) darajasiga erishgan tarixdagi eng yosh shaxmatchi hisoblanadi. Nodirbek 11 yoshida 20 yoshgacha bo‘lgan dunyodagi eng kuchli 100 nafar shaxmatchilar qatoriga kirgan eng yosh shaxmatchiga aylandi.

 

“Bu o‘ziga xos musobaqa. Men doim rekord o‘rnatishga harakat qilaman. Vazifaning qiyinligi motivatsiyamni oshiradi. Bolaligimda tarixdagi eng yosh grossmeyster bo‘lishga intilganman. Grossmeyster bo‘lganimdan keyin o‘z oldimga maqsad qo‘yganman: 2700 Elo reytingiga erishish. Har safar yangi maqsadni tanlaganingizda, o‘zingizni ruhlantirasiz”.

Abdusattorovning rekordlar sari yo‘li 2012-yilda, u 8 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida jahon chempionati g‘olibi bo‘lganida boshlangan. Ikki yil o‘tib, to‘qqiz yoshida bir turnirda ikki grossmeysterni mag‘lub etib, shaxmat jamoatchiligi e’tiborini tortdi. 2014-yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan musobaqada reytingi 2600 balldan yuqori bo‘lgan grossmeyster Andrey Jigalko ustidan qozonilgan g‘alaba ko‘pchilikning e’tirofini qozongandi. Sababi grossmeyster Nodirbek bundan oldin g‘alaba qozongan shaxmatchilar ichida eng kuchlisi edi.

“Men Magnus haqida umuman bilmasdim, ismini ham eshitmagan edim, faqat chempion Vishi Anand ekanligini bilardim. 2013 yilgi nomzodlar turniri paytida u haqda bildim, o‘sha paytda sakkiz yoshda edim. Magnusning jahon chempionidan ham yuqoriroq reytingda ekanligini bildim va bu meni hayratda qoldirdi”.

2015-yilda Abdusattorov o‘z darajasini atigi bir oy ichida 2263 dan 2465 Elo ballgacha ko‘tardi. Uning Magnus bilan futbol o‘ynayotgani rasmi ayni shu yilda suratga olingan edi.

 

U turnirda g‘olib chiqqan Karlsen haqida shunday dedi: “Biz suhbatlashmadik, lekin hech bo‘lmaganda suratga tushganimdan xursand bo‘ldim”.

 

Nodirbek 13 yoshida shaxmat tarixidagi oltinchi eng yosh grossmeysterga aylandi. U birinchi marta 2019-yilda blis bo‘yicha jahon chempionatida Karlsen bilan qora rangdagi donalar bilan durang o‘ynagan. 

2021-yili rapid bo‘yicha jahon chempionatida Abdusattorov Karlsenga qarshi muhim o‘yinda g‘alaba qozondi va keyinchalik jahon chempioni bo‘ldi. 2023-yilda Tata Steel Chess Tournament’da 16-jahon chempioniga qarshi birinchi klassik o‘yindagi g‘alaba Abdusattorovni norvegiyalik bilan klassik uchrashuvlarda ijobiy natija qayd etgan yagona shaxmatchiga aylantirdi. “Bu turnir tez orada dunyoning eng kuchlilaridan biriga aylanishimni ko‘rsatdi. Bolalik tugadi. Men katta bo‘lishim va shaxmatga jiddiyroq yondashishim kerak edi. Hozir hammasi juda-juda jiddiy. Bir paytlar Karlsenga qarshi hech bo‘lmaganda bitta klassik o‘yin o‘tkazishni orzu qilardim. Hozir biz har bir yirik turnirda uchrashamiz. Hammasi birdaniga va kutilmaganda o‘zgardi. Menga Karlsen bilan o‘ynash juda yoqadi, lekin biz raqibga aylanib bormoqdamiz”, deydi Nodirbek.

Abdusattorov? mubolag‘a bo‘lmasa, dunyoning eng kuchli shaxmatchisini ogohlantirdi: “Magnus... dunyodagi eng kuchli shaxmatchi bo‘lib turgani ko‘rinib turipti, lekin bizning avlod yaqinlashib kelmoqda. Magnusga birinchilikni saqlab qolish qiyin bo‘ladi”.

Karlsenning fikricha esa, yosh shaxmatchilar, jumladan Abdusattorov ham uning darajasiga yetishi uchun hali ko‘p ishlashi kerak. “Men ularning hech biri hali mening darajamga yaqin emas deb o‘ylayman. Bu unchalik oson emas”, — dedi Karlsen yaqinda bo‘lib o‘tgan podkastlarning birida. Sobiq jahon chempioni Abdusattorovning chidamliligi va tartib-intizomini, shuningdek, eng yomon pozitsiyalarda ham himoyalana olishini maqtagan edi.

“Shubhasiz, Alireza iqtidorliroq, lekin uning faoliyati Nodirbek Abdusattorovnikidan ko‘ra muvaffaqiyatli bo‘lishiga ishonchim komil emas. Shu bilan birga, men Abdusattorovga hali ham 100 foiz ishonmayman. Men dunyoning eng kuchlisi bo‘lish haqida gapiryapman, u eng kuchlilaridan biri emas. Hozircha biror narsa deyish qiyin”, — degan edi Karlsen bir paytlar.

Xulosa qilib aytganda, Nodirbek Abdusattorov nafaqat O‘zbekiston tarixida, balki jahon shaxmat tarixida ham eng kuchlilardan biri, ehtimol, eng kuchlisi bo‘lishiga tilakdoshmiz.

Sharing:

When using the site information, the link to the "aksent.uz" site must be indicated. Certificate of state registration of mass media (website) No. 1043.

Aksent.uz editorial office phone number

+ () --

aksent.uz © 2026