Society
02.07.2024
194
O‘zbekistonda pora bilan qo‘lga tushgan amaldorlar paradi hali beri to‘xtamaydi, chunki korrupsiyaning sabablari bilan emas, uning oqibatlari bilan kurashilyapti.
Afsuski, uning oqibatlari bilan kurash samarali kechyaptimi, besamarmi, uni bilishning iloji yo‘q: 100 nafar poraxo‘rdan faqat bittasi qo‘lga tushyaptimi, 10 tasimi, 90 tasimi – buni hech qachon bilolmaymiz.
Korrupsiyaga qarshi kurashning esa samaradorligini bilsa, anglasa bo‘ladi. Uning uchun xohlagan sohaga nazar solinsa bo‘ldi.
Xalqaro tashkilotlar tasnifi bo‘yicha O‘zbekiston korrupsiya “tizimli va muntazam” (systemic and systematic) bo‘lgan mamlakatlar qatorida. To‘g‘ri, Transparency International’ning 2023 yilgi hisobotida ba’zi qo‘shnilarimiz va Rossiya bizdan pastki o‘rinlarni egallagan. Lekin Qozog‘iston naqd 28 o‘rin yuqorida.
Hokimlar, prokurorlar va boshqa amaldorlarning o‘rinbosarlari bilan bir qatorda ularning o‘zlari ortidan ham tushilsa, davlatimiz reytinglarda ancha ilgarilab ketsa kerak. Muhimi, jamiyatimiz tubdan o‘zgarib ketadi, shubhasiz.
Xalqaro tajriba ko‘rsatganidek, korrupsiyaga qarshi kurashda samara bo‘lishi uchun uning sabablari bilan kurashish zarur. Agar bunday kurashga sidqidildan bel bog‘lansa, bu yo‘ldagi eng birinchi qadam – jamoatchilik nazorati. Mustaqil OAV, surishtiruv jurnalistikasi, haqiqiy fuqarolik jamiyati institutlari, jumladan, qog‘ozda emas amalda nodavlat notijorat tashkilotlari, odamning ko‘rsatmasi bilan emas, vijdonining ko‘rsatmasi bilan harakatlanadigan jamoatchilik faollari – barchasining tinimsiz nazoratisiz jamiyatdagi illatlarga, xususan korrupsiyaga qarshi kurashib bo‘lmaydi.
Sharing: