English

“Qiz bola o‘qib olim bo‘larmidi”

Society

07.03.2024

eye

448

news-single

Xorijdagi kolumnist

Aksent.uz sayti o‘z mushtariylarini chet ellarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz hayoti va faoliyati haqida ham xabardor qilish maqsadida “Xorijdagi kolumnist” ruknini tashkil etdi. Bu yerda mualliflar o‘zlari haqida gapirib beradilar, tengdoshlari bilan o‘z maslahatlari bilan o‘rtoqlashadilar.

Ruknimizning ilk mehmoni – Buyuk Britaniyanida tahsil olayotgan asli surxondaryolik Shoira Alamonova.

Mualliflarning qarashlari, fikrlari, g‘oyalari tahririyat pozitsiyalari bilan mos kelmasligi mumkin.

Men, Shoira Alamonova, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida tavallud topganman, oddiy oila farzandiman. Toshkent davlat yuridik universitetining bakalavriat va magistratura bosqichlarini a’lo baholar bilan tamomlab, Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot institutida ilk faoliyatimni boshlaganman. Undan keyin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat institutining Xalqaro munosabatlar sohasidagi qonunchilik sho‘basida ish boshladim. Sohaga oid bilimlarimni kuchaytirish maqsadida Buyuk Britaniyaning Sheffield universitetiga hujjat topshirib, qabul qilindim. 2023 yilning iyul oyida “El-yurt umidi” jamg‘armasi 1-stipendiya tanlovlarining g‘olibi sifatida Sheffield universitetida xarajatlarim davlat tomonidan to‘liq moliyalashtirilgan holda tahsil olib kelmoqdaman. Bularning barchasi uchun yurtboshimiz hamda jamg‘arma ma’muriyatidan minnatdorman.

Bolalik haqiqatan poshsholikmi?

Bolaligim aksariyat bolalarniki kabi silliq kechmagan. Bu haqida yana bir uzun hikoya yozish mumkin. Lekin bundan hech ham afsusda emasman. O‘sha bolalik meni “komfort” zonamdan chiqishga, yashash uchun kurashga, sinovlar kelganda boshimni baland tutib olg‘a borishga, bir so‘z bilan aytganda, kuchli bo‘lishga undadi. Qiyinchiliklar meni tarbiyaladi, hayotga teran nigoh bilan qarashga undadi.

Qiz bola sepli bo‘lguncha ilm olishi tarafdoriman

Bugungi kunda jamiyatimizda qizlarga nisbatan shakllangan stereotiplar hali ham saqlanib qolayotgani hech kimga sir emas. Ayol kishi faqat uy ishlari va farzand tarbiyasiga mas’ul deb hisoblovchilar oramizda ko‘p.

Litseyda o‘qib yurgan paytlarimda Toshkent davlat yuridik universitetiga topshirmoqchi ekanligim, kelajakda yuridik sohada faoliyat yuritmoqchi ekanligim haqida aytganimda, bo‘lajak kasbim erkaklarning kasbi ekanligi, men ayol kishi sifatida uy-ro‘zg‘or ishlari, yoki bo‘lmasa tikuvchilik, o‘qituvchilik va hamshiralik kabi kasblardan birini tanlashim kerakligi haqida ko‘plab bir-biriga o‘xshash fikrlarni eshitganman. Uy ishlari va farzand tarbiyasi ayol kishi uchun albatta birinchi o‘rinda bo‘lmog‘i lozim, buni inkor etmayman. Yuqoridagi kasblar ham juda yaxshi kasblar, mening onam yillar davomida o‘qituvchi sifatida ishlab, ko‘plab insnlarni kelajak hayotga, munosib kasblarga tayyorlaganlar. Biroq har bir insonning qiziqishlari, istaklari turlicha bo‘lishi mumkin. Mening ham qiziqqan soham huquqshunoslik bo‘lgan va shukrki, oilam shu paytgacha har jabhada meni qo‘llab-quvvatlab, har bir qarorimni hurmat qilib kelmoqda. Balki shu sabablidir, yuqoridagi stereotiplarni yengib o‘tish menga u qadar muammo bo‘lmagan.

Shu narsani alohida ta’kidlab o‘tishni istardimki, qachonki inson o‘zining qiziqqan sohasi bo‘yicha ilm olsa, izlansa, o‘sha yo‘nalishda faoliyat yuritsa, uning jamiyatga ko‘proq foydasi tegadi. Robin Sharmaning bir gapi bor: “Find your calling”. Ya’ni, biz ichimizdagi ovoz qaysi sohaga chorlayotganini topa olsak, o‘sha sohada izlanib, qiziqishlarimizni doimiy ravishda rag‘batlantirib borsak, bizni o‘rab turgan olamga ko‘proq qiymat qo‘shamiz, jamiyatga ko‘proq foydamiz tegadi.

Lekin sevimli kasbiga butun e’tiborini qaratib, oilaviy majburiyatlarini unutib qo‘ygan ayollar ham oramizda talaygina. Men yuqoridagi gaplarim bilan bunday toifadagi ayollarni oqlash emas, oilani ham, kasbiy ishni ham muvozanatda ushlash tarafdoriman. Aytaylik, ayol kishi butun e’tiborini ishiga qaratsa va o‘z ustida tinmay ishlab o‘sha tashkilotning boshlig‘i, ya’ni hamma taniydigan, e’tirof etadigan inson darajasigacha ko‘tarilsa-yu, farzandiga chiroyli tarbiya bermaganligi tufayli salbiy gap eshitsa yoxud noxush voqeaga duchor kelsa, misqollab yig‘ilgan obro‘ bir lahzada yo‘qqa chiqmaydimi? Me’yorni unutib qo‘ymaylik, azizlar!

“Qiz bola o‘qib olim bo‘larmidi”

Albatta, o‘qib olim bo‘lgan va fanda kashfiyotlar qilgan ayollar qancha? O‘z ustida tinmay ishlab butun boshli mamlakatni boshqarib kelgan prezident yoki vazir ayollar qancha? Gandi, Tetcher, Merkellarning har biri yuqori darajadagi bilim va salohiyat sohibasi bo‘lganligini inkor eta olamizmi? Menimcha, yo‘q. “Qiz bola o‘qib olim bo‘larmidi” qabilidagi iboralarni jamiyatimizda haligacha saqlanib qolayotgan stereotiplarning bir ko‘rinishi deb bilaman. Ayol kishi ham o‘zi sevgan ishida faoliyat yuritishi orqali jamiyatga nafi tegishi, mamlakat rivojiga bevosita hissa qo‘shishi mumkin.

Qolaversa, ayol kishi – millat onasi… Qiz bola o‘qib olim bo‘lmasligi mumkin, biroq u millat olimlarini tarbiyalaydi! Insonning embrion holatidan boshlab shakllanishidan tortib, jamiyatda shaxs sifatida yetishguniga qadar onalarning roli beqiyos. Onaning DNKsi bolaning intellekti rivojlanishida muhim rol o‘ynashi, intellektual qobiliyat bolaga ko‘proq onadan o‘tishi fanda ham isbotlangan. Farzand dunyoga kelgandan keyin ham asosiy tarbiyani onadan oladi, chunki ona bilan ko‘proq vaqt o‘tkazadi. Agar qiz bola o‘qimasa va o‘z ustida ishlamasa, nafaqat o‘zi olim bo‘la olmaydi, balki Navoiylarni, Beruniyu Ulug‘beklarni yetishtira olmaydi.

Chet eldagi hayot, moslashish

Umuman olganda, xorijda tahsil olishning faqat ijobiy jihatlarini bo‘rttirib ko‘rsatish fikridan yiroqman. Biz nufuzli deb tahsil olishga kelgan universitetning, biz rivojlangan deb hisoblaydigan mamlakatning ijobiy jihatlari bilan birgalikda o‘ziga xos kamchiliklari ham bor. Begona yurtda, tili, dini, madaniyati butunlay boshqa bo‘lgan odamlar orasida hayot kechirish, akademik muhiti boshqa bo‘lgan universitetda o‘qish, moslashish oson emas. Menda ham dastlabki bir oy davomida ijtimoiy hayotga, yangi universitet, yangi akademik muhitga moslashish, yuridik ingliz tilini birdan o‘qib, tushunib ketish bilan bog‘liq muammolar bo‘ldi. Oilamni, ishimni, odamlarimizni sog‘indim, hali ham sog‘inaman. Biroq yelkamdagi mas’uliyat, ota-onam, davlat tomonidan menga bildirilgan ishonch shu kunga qadar maqsadimdan chekinmaslikka, tanlagan yo‘limda davom etishga undab kelmoqda. Kelgusida soham doirasida manfaatli bilim bilan yurtga qaytib uning rivoji uchun o‘z hissamni qo‘shish – ulkan maqsadim.

O‘zbekiston va JST

O‘zbekiston bugungi kunda Jahon Savdo Tashkilotiga (JST) kirish arafasida turipti. Xalqaro savdoni liberallashtirish, savdo bitimlarining odilligini ta’minlash, iqtisodiy o‘sish va xalq farovonligini oshirish JSTning asosiy funksiyalari sirasiga kiradi. JST unga a’zo bo‘lgan mamlakatlardan ichki bozorni erkinlashtirishni qat’iy talab qiladi. O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishdagi imkoniyatlarini qisqacha baholasak, bular — keyingi yillarda jiddiy islohotlarni boshidan kechirgan turizmning rivojlanishi, integratsiyalashuv imkoniyatlari ortishi, notarif cheklovlarning kamayishi, iqtisodiyotda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ulushining oshishi, davlat monopoliyasining qisqarishida ko‘zga tashlanadi. Bundan tashqari, JSTga a’zolik, avvalo, monopolist boshqaruvga barham beradi va erkin raqobat muhitini yaratadi.

Qayd etish kerakki, O‘zbekistonning xalqaro savdo borasida imkoniyatlari juda ham keng. Mazkur salohiyatni amalda namoyon etish, xususan, mamlakatimizning Jahon Savdo Tashkilotiga a’zo bo‘lish istiqbollarini yanada jadallashtirish va bu boradagi xalqaro standartlarni milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilishga o‘z hissamni qo‘shish maqsadida Buyuk Britaniyaning Sheffield universitetining magistraturasida o‘qishimni davom ettirmoqdaman. Aynan shu mamlakatni tanlashimga sabab esa mazkur davlat JSTning peshqadam a’zolaridan biri hisoblanishi, qonunchiligini ham shunga mos ravishda yuqori darajada shakllantirgani bilan bog‘liq. Bugungi kunda JST qonunchiligini va bu boradagi Buyuk Britaniya tajribasini o‘rganish bosqichidaman va kelajakda o‘rgangan bilimlarimni amalda qo‘llab, JST eksperti sifatida mamlakatimizga foydam tegsa, bundan faqat xursand bo‘laman.

Yosh qizlarga maslahatim

Doimo band bo‘ling, toki atrofingizdagi mayda masalalarga o‘ralashib qolmang. Mayda narsalarga e’tibor berishda davom etyapsizmi, maqsadlaringiz ham shunga monand maydlashib boraveradi! Doim band bo‘ling, toki erishayotgan muvaffaqiyatlaringizdan energiya oling, o‘zingizdan, hayotingizdan mamnun yashang. O‘zidan ko‘ngli to‘lgan ayolni atrofidagilar ham qadrlay boshlaydi. Oilangiz, yaqinlaringiz orasida, jamiyatda o‘z o‘rningiz bo‘ladi.

Tanlagan yo‘lingizda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy muvaffaqiyatsizliklardan qo‘rqmang. Mark Menson aytganidek, qaysidir ma’noda ko‘pchiligimiz muvaffaqiyatsizlikdan qo‘rqa boshlaymiz, ularni chetlab o‘tishga va eski, sinalgan yo‘ldan borishga harakat qilamiz. Bu yo‘l ichki imkoniyatlarimizni cheklab qo‘yadi. Qoqilishimizni bila turib tanlagan yo‘limizdagina haqiqatan muvaffaqiyatli bo‘la olamiz.

Ilm olishda, o‘z ustingizda ishlashda bardavom bo‘ling. “Savdogarlar ustozi” kitobida shunday mazmundagi jumlalarni uchratasiz: “Odamlar mendan qachongacha o‘qishim mumkinligini so‘raydi. Menda har doim javob bitta – abadiy o‘qiyman. Tolibi ilmga hatto suvdagi baliqlar ham istig‘for atytarkan. Suvdagi jonzotlarki ilm oladigan odamning gunohi kechirilishini Allohimdan so‘rab tursa, men nima uchun o‘qishni, o‘rganishni to‘xtatishim kerak!?”

Qadrli dugonam, opam, singlim! Ilm olish, izlanish yo‘lidamisiz, sizlar hattoki baliqlar ham istig‘for aytadigan tolibi ilmlar toifasidansiz, tabrigimni qabul eting! Oltin davringizni, qimmatli vaqtingizni arzon narsalarga sarflamang! Umr oliy ne’mat, uning qayta ochilmas sardaftarini ilm va ezgu amallar bilan to‘ldirish har birimizning ulkan maqsadimiz bo‘lishi lozim!

Sharing:

When using the site information, the link to the "aksent.uz" site must be indicated. Certificate of state registration of mass media (website) No. 1043.

Aksent.uz editorial office phone number

+ () --

aksent.uz © 2025