English

Taksi xizmatlarini ko‘rsatuvchilar tomonidan qonun buzilish holatlariga choralar ko‘rildi

Society

11.12.2024

eye

110

news-single

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga fuqarolar tomonidan taksilar orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar bo‘yicha murojaatlar kelib tushgan.

Murojatlar viloyat kesimida o‘rganilganda: 


Toshkent viloyati misolida

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Toshkent viloyati transport boshqarmasi Nurafshon shahrida o‘tkazilgan reyd tadbirlari natijasida “DAVR TRANS SERVIS” MCHJga biriktirilgan “Nurafshon ASHB-Kuchlik qo‘rg‘oni-Arancha MFY” yo‘nalishida (tasdiqlangan jadvalga asosan yo‘l haqi 2800 so‘m) narxlarni sun’iy ravishda oshirgan holda haydovchilar tomonidan 5000-7000 so‘mgacha miqdorida yo‘lovchilardan yo‘l haqi olinayotganligi aniqlangan.

Shu munosabat bilan Viloyat Transport boshqarmasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi vakolati doirasida chora ko‘rishni so‘rab, Qo‘mitaning Toshkent viloyati hududiy boshqarmasiga ma’lumot kiritgan.

O‘rganishlar natijasida, iste’molchilardan 5 mln so‘mdan ziyod mablag‘lar asossiz ravishda undirib kelinganligi aniqlanib, ularni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha “DAVR TRANS SERVIS” MCHJga tegishli ko‘rsatma berildi.


Buxoro viloyati misolida 

 Hududiy boshqarma tomonidan fuqaro Sh.X.dan tushgan murojaat o‘rganilganda Kogon shahrida 103 va 114-yo‘nalishlarda harakatlanayotgan DAMAS haydovchilari tomonidan yo‘l kira haqini asossiz ravishda oshirib, xizmat ko‘rsatayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Hududiy boshqarma tomonidan "Transport nazorati Avtomobil va suv transportida nazorat" Buxoro viloyati hududiy bo‘limi tomonidan mazkur yo‘nalishlar trafaretini qo‘yib, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanib kelayotgan transport vositalari litsenziyalari tekshirildi. Qatnovlarda litsenziyasiz va ruxsat etuvchi hujjatlarsiz yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan bir qator transport vositalariga ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.


Toshkent shahri misolida

Hududiy boshqarmaga “Yandex” taksi xizmatiga buyurtma yo‘l haqini naqd pulda to‘lashiga qaramay, bank plastik karta orqali ham yo‘l kiraga qayta pul yechib olingani yuzasidan bir qator fuqarolarning murojaatlari kelib tushgan.

Bundan tashqari, buyurtma qilingan bayram tortlari, taomlar, maishiy texnikalarni taksilar orqali yetkazishda ham muammolarga duch kelgan iste’molchilarning murojaatlari ham ijobiy hal etildi. Ya’ni ular noto‘g‘ri manzilga yetkazilgan, kechiktirilgan yoki umuman yetkazilmagan.

Bugungi kunda “Global Star” MCHJ tomonidan bunday qoidabuzilishlarga yo‘l qo‘ygan haydovchilar “YandexGo” ilovasida bloklangan, “Yandex” taksi ko‘rsatmagan xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirgan fuqarolarga jami 1 009 000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari qaytarilishi ta’minlangan.

 


Jizzax viloyati misolida

Hududiy boshqarmaga Paxtakor tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro O.Shning Jizzax-Paxtakor yo‘nalishida qatnovni amalga oshiruvchi “ONLAYEN PLYUS” MCHJga tegishli taksi xizmatidan noroziligi bildirilgan murojaat kelib tushgan.

O‘rganishlar natijasida ushbu yo‘nalish bo‘yicha fuqaro to‘lagan 40 ming so‘mdan ortiqcha olingan yo‘l haqi  qaytarilishi ta’minlandi.


Qashqadaryo viloyati misolida

Hududiy boshqarmaga Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro A.F. Call Taxi xizmati xodimi ortiqcha mablag‘ olgani va qo‘pol muomalada bo‘lganidan norozi bo‘lib murojaat yo‘llagan.

Olib borilgan o‘rganish ishlarida haqiqatdan ham taksi haydovchisi 12 000 so‘m bo‘lishi lozim bo‘lgan xizmat uchun 32 000 so‘m yo‘l haqi talab qilgani ma’lum bo‘ldi.

Natijada murojaatchiga ortiqcha olingan 20 000 so‘m mablag‘ qaytarildi va taksi haydovchisiga taksometr ilovasidan to‘g‘ri foydalanish va yo‘lovchilar bilan muloqot qilish odoblari to‘g‘risida tushuntirish berildi.


Samarqand viloyati misolida

Hududiy boshqarmaga fuqaro S.A. va I.E.lar taksi xizmati xodimlari qo‘pol muomalada bo‘lganligi va buyurtma hamda yo‘lkira to‘lovlarida yuzaga kelgan muammolar bo‘yicha murojaat qoldirishgan.

O‘rganish natijasida “Yandex” taksi xodimlariga xizmat ko‘rsatish qoidalariga amal qilish bo‘yicha kerakli ogohlantirishlar berildi hamda fuqarolar shikoyatlari qanoatlantirildi.


Farg‘ona viloyati misolida

Farg‘ona shahar “Yangiyo‘l” MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro O.I. Yandex taksi xizmatidan foydalanganida yo‘l haqi sifatida oldindan plastik kartasidan ortiqcha 9500 so‘m mablag‘i olinganligi, ammo xizmat ko‘rsatuvchiga to‘lov pulini qaytarilishi yuzasidan bir necha bor qilgan murojaatlari yechim topmagani yuzasidan murojaat qilgan.


Hududiy boshqarma  holat yuzasidan o‘rganishlar olib borgan va ortiqcha olingan mablag‘ qaytarib berilishi ta’minlangan.

Ma’lumot uchun. O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 21-moddasiga asosan sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.

Sharing:

When using the site information, the link to the "aksent.uz" site must be indicated. Certificate of state registration of mass media (website) No. 1043.

Aksent.uz editorial office phone number

+ () --

aksent.uz © 2025