Жамият
17.09.2025
17
Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Raqamli sog‘liqni saqlash markazida taqdim etilgan innovatsion loyihalar yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.
Uning qayd etishicha, bugungi kunga qadar DMED yagona tizimiga 33 million fuqaroning elektron tibbiy kartalari kiritilgani shifokorlar ishini yengillashtirib, bemorlar bilan muloqot uchun ko‘proq vaqt ajratishga imkon bermoqda. Shuningdek, real vaqt rejimida shifokorlar bandligini va tibbiy jihozlar holatini ko‘rsatib turuvchi Situatsion markaz ham tashkil etildi.
Saida Mirziyoyeva alohida to‘xtalib o‘tgan loyihalardan biri — “Ko‘ngil ko‘zi” dasturi bo‘ldi. Endilikda sun’iy intellekt yordamida muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlarda ko‘rlikka olib keluvchi retinopatiya ilk kunlardanoq aniqlanishi mumkin.
“Yangi texnologiyalar yordamida bolalarda 90 foizgacha ko‘rlik holatlari oldini olish mumkin. Bu minglab oilalarda umid uyg‘otadi”, — dedi Saida Mirziyoyeva.
Shuningdek, insult va ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash texnologiyalari ham taqdim etilgani qayd etildi. Prezident yordamchisining fikricha, sun’iy intellekt shifokorlarning o‘rnini bosa olmasa-da, ularning ishonchli yordamchisiga aylanib, vaqt va kuchni tejashda muhim rol o‘ynaydi.
Saida Mirziyoyeva Raqamli sog‘liqni saqlash markaziga tilak bildirar ekan, ushbu loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshib, xalq salomatligiga xizmat qilishini ta’kidladi.
Улашиш: