Русский

Hukumat “xo‘p” deganda. Yoxud Hayitdan keyingi xina

Точка зрения

15.07.2024

eye

96

news-single

Hukumat o‘z kundalik faoliyatini xalq bilan bamaslahat olib borishga majbur emas, u xalq saylagan Prezidentning ko‘rsatmasiga binoan ish yuritadi. Deputatlar esa majbur. O‘z saylovchilari bilan muntazam uchrashib, ularning kayfiyati, muammolari asosida ishlashga mas’uliyatli.

Hukumat xalq dardiga yon bosuvchi ishora bermagunicha indamay yoki baralla hukumat pozitsiyasini singdirishga urinib yurgan deputatlar, xalqni qayg‘uga solayotgan, adolatsiz texnik qo‘shib yozishlarga qarshi chiqayotganlarni ko‘rib g‘azabi kelib turganlar “lip” etib xalq tomoniga o‘tib olsa erish tuyuladi. Xalqaro siyosiy tilda opportunizm, xalqimiz tilida oltibetlik deb shunga aytiladi chog‘i. Negaki, hukumat (majbur emas) ommabop qarorga kelishidan oldin shu ommaning dardiga malham bo‘ldingmi, deb so‘ragani odam yo‘q. “Ijtimoiy norma qayta ko‘rib chiqilsin!” deb dadil aytdingmi?

Saylovchilar manfaati bilan hukumat manfaati to‘qnash kelganda albatta karerizmni tanlaganlar energetika bo‘yicha hukumat tomonidan tavsiya qilinayotgan yangi normani olqishlab, buni “ko‘pchilik saylovchilar taklifi”ga yo‘yipti. Hukumat o‘sha saylovchilar taklifiga quloq tutganda, nega deputatlar quloq tutmaydi? Takroran aytamiz, bittasi majbur emas, ikkinchisi majbur.

Hali bizda qabul qilinmagan turk alifbosida yozib, “Masalan, köpçilik saylovçilar taklifi asosida tayyorlangan, 200 kVt normani xonadon emas, oila boşiga hisoblaş haqidagi tavsiya hukumat tomonidan qabul qilinayotgani juda yaxşi,” deyishipti.

Shu yaxshi qarorda xuddi o‘zining qo‘li bordek, olqishlashini qaranglar!

Deputatlar hukumat manfaatlarini ko‘zlab ish ko‘rishganda, albatta, saylov tizimimiz va qolaversa siyosiy tizimimizning eng nozik jihatlarini o‘zlari anglamagan holda fosh qilib qo‘yishlariga aqllari yetmasa kerak. Rus tilida aytganda, ular hokimiyatga “медвежья услуга” qilishadi, negaki ularning taqdiri aslida kimning qo‘lidaligini bilmagan holda oshkora qilib qo‘yishadi.

Xo‘ja Nasriddindan “Nodon qanday fikrlaydi?” deb so‘rashsa, “Nodon boshqalarni fikrlamaydi deb o‘ylaydi,” degan ekan.

Davlat va nodavlat, tabiiy va sun’iy monopoliyalar manfaatlarini ko‘zlaganda, “köpçilik saylovçilar taklifi”dan asar ham ko‘rinmasdi. Melisalar yozgan qonunlaru qoidalar haqida esa gapirmasa ham bo‘ladi. Bu safar ham Hukumat (katta harf bilan yozmasak deputatlar xafa bo‘lishmasin tag‘in) o‘zi xalq dardiga quloq solishga tayyorligini bildirmaganda, yana shunday bo‘larmidi, deb o‘ylab qolasan kishi.

Boshqa partiya vakili tomonidan bildirilgan, o‘pkasini bosolmaydigan haydovchilarni tiyish taklifiga qarshi chiqipti. Emishki, hamma aybni haydovchilardan izlash kerak emas ekan. O‘zbekistonda, deylik, 9 million haydovchi bordir. Ammo, esdan chiqarmaslik kerak, bizda 37 million yo‘lovchi bor!

Hukumatdan kelgan xalq manfaatlariga zid qonun loyihalari bo‘yicha fraksiya yig‘ilishlarida kam sonli deputatlar tomonidan e’tiroz bildirilganda, Qonunchilik palatasining yalpi majlisida masalani ko‘tarmaslikni tavsiya qilish ham saylovçilar bilan bamashvarat qilinsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi.

Elektr energiyasiga o‘rnatilgan ijtimoiy norma borasida ertaga Hukumat “ekspertlar bilan o‘ylashib ko‘rdik, qayta ko‘rib chiqishga hojat yo‘q” deb chiqsa, og‘zimizga tolqon solib olamizmi? Burd masalasi – nozik masala.

 

 

Совместное использование:

При использовании информации сайта обязательно указывается ссылка на сайт «aksent.uz». Свидетельство о государственной регистрации средства массовой информации (сайт) № 1043.

Телефон редакции Aksent.uz

+ () --

aksent.uz © 2025