Мир
13.05.2024
58
Rossiya hukumatining yuqori bo‘g‘inlarida katta o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda. Vladimir Putin Sergey Shoyguni mudofaa vaziri lavozimidan chetlatib, iqtisodchi Andrey Belousovni uning o‘rniga tavsiya qildi (bu “tavsiya”, albatta, tayinlash demakdir).
Bu harakat 2014 yili Ukrainadagi mojaro boshlanganidan beri Rossiya harbiy rahbariyatidagi eng muhim o‘zgarishlardan biridir.
Shoyguni hukumatda katta tajribaga ega iqtisodchi, ammo harbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan Belousov bilan almashtirish qarori strategik o‘zgarishlardan darak berishi mumkin. Ya’ni, Rossiya oliy rahbariyatining tanlovi urushning iqtisodiy jihatlariga e’tibor kuchayib borayotganini aks ettiradi. Xususan, mamlakatning mudofaa xarajatlari yalpi ichki mahsulotning 7,5 foizigacha oshgan bir paytda bunday tayinlovni mantiqiy deb izohlash mumkin.
O‘zi harbiy bo‘lmay turib, armiya generali kabi marshaldan so‘ng eng yuksak unvonga sazovor qilingan, ona tomonidan ukrain bo‘lgan Sergey Shoyguning ham mudofaa vaziri lavozimida ishlashi, albatta, to‘la-to‘kis “baxtli onlar”ni anglatgan emas. Yaqinda Ukraina urushidagi muvaffaqiyatsizliklar uchun keskin tanqidlarga uchragan va harbiylarni korrupsiyaga oid doimiy ayblovlardan himoya qila olmagan. Bu esa uning yaqin sherigi, mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanovning hibsga olinishi bilan yakunlandi. Aslida ushbu ishda uning o‘zi ham javobgarlikka tortilishi mumkin edi.
Ukrainada davom etayotgan urush sharoitida Shoyguni almashtirish rus harbiy strategiyasining borishi va yo‘nalishi haqida savollar tug‘diradi. Harbiy amaldorlar mamlakatda hal qiluvchi rol o‘ynaydi va ko‘pincha milliy xavfsizlik siyosati hamda siyosiy barqarorlikka ta’sir qiladi. Faol urush harakatlari paytida yuqori martabali harbiy amaldorni almashtirish strategiya yoki ichki kuch dinamikasidagi o‘zgarishlarni ko‘rsatishi ham mumkin, albatta.
Putinning qarori, shuningdek, mudofaa vazirligini innovatsiyalar va iqtisodiy samaradorlikning yangi istiqbollari bilan “yoshartirishga” urinish sifatida ham talqin qilinmoqda. Xususan, Chatham House tahlil markazi iqtisodiyotning katta qismini mudofaa ehtiyojlariga bo‘ysundirish tarafdori bo‘lgan Belousovni tayinlash orqali Putin moliyaviy nazoratni kuchaytirish va harbiy amaliyotlar barqarorligini birinchi o‘ringa qo‘yganini ta’kidladi.
Shoyguning Rossiya Xavfsizlik kengashidagi yangi roli (kengash kotibi) hali ham uni ichki tor doirada ushlab turadi, lekin e’tiborini to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy qo‘mondonlikdan uzoqlashtiradi.
Nihoyat, bu o‘zgarish Kreml tomonidan Ukrainadagi harakat strategiyasi o‘zgacha yo‘nalishda olib borilishi zaruratini tan olganini aks ettirishi ham mumkin. Urush yangi bosqichga o‘tayotgani va iqtisodiy zararlar ortib borayotgan bir paytda Moskvaning uzoq muddatli harbiy harakatlarni davom ettirish uchun keskinroq muammolarga moslashishga tayyorgarlik ko‘rishi tabiiy holdir.
Совместное использование: