Общество
04.06.2024
69
O‘zbekistonda “narxlarni jilovlash” orqali inflyatsiyaga “qaqshatqich zarba” berilgan. Bu haqda kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov aytib o‘tdi.
Milliy parlamentimizning quyi palatasida chiqish qilgan hukumat a’zosi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2023-yildagi hamda 2024-yilning birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni xalq vakillari havolasiga o‘qib eshittirdi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda inflyatsiya darajasi aynan “narxlarni jilovlash” yordamida 8.8 foizgacha kamaygan. Bozor iqtisodiyotini maqsad qilmaganmidik, degan savol tug‘iladi. Narx-navoni bozor belgilamasmidi? Yo gapda bozor, amalda esa davlat xo‘jaligimi?
Nega aynan eski usulda, ma’muriy-buyruqbozlikka asoslangan davlat xo‘jaligi sharoitida qo‘llaniladigan choralar bilan inflyatsiyani ushlab turish kerak? Apologet iqtisodchilarimiz aytishlari mumkin: boshqa mamlakatlarda ham kerakli paytda bunday choralardan foydalanish amaliyoti bor. Albatta. Lekin faqat favqulodda vaziyatlarda, iqtisodiy inqiroz yuzaga kelish xavfi, defolt xatari bo‘lganda.
Axir narxlarni jilovlayversak, bojlarni ayrim turdagi tovarlar uchun yuqori darajada ushlab turaversak, soliqlarning yangilarini o‘ylab topaversak, xorijiy investor qachon keladi? Notabiiy monopoliyalarning ba’zilarini eksklyuziv huquqlardan mahrum qilsagu, qolganlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etaversak, bozor iqtisodiyotini qachon quramiz?
Inflyatsiyani pasaytirish yoki me’yorda ushlab turishga, dunyo mamlakatlari amaliyotiga kelsak, aksar hollarda byudjet xarajatlarini qisqartirish orqali erishiladi. Bu, misol uchun, byudjet tashkilotlari tomonidan hashamatli asbob-uskunalar va mahsulotlar sotib olish, turli tadbirlar o‘tkazishga chek qo‘yish va kamaytirish kabi yo‘llar bilan amalga oshiriladi. Ammo vazirimiz taqdim etgan ma’lumotlarga qaraganda, davlat byudjeti daromadlari o‘tgan yilgiga nisbatan 115 foizga, byudjet xarajatlari esa 118,8 foizga bajarilgan. Bu esa chiqimning kirimdan ko‘p bo‘lganini anglatadi.
Ma’muriy-buyruqbozlik usulida narxlarni nazorat qilgandan ko‘ra haqiqiy iqtisodiy chora sifatida davlat xarajatlari nazoratga olinsa bo‘lmaydimi?
Janob Qo‘chqorov yalpi ichki mahsulot aholi jon boshiga 2022-yildagi 1,6 ming AQSH dollaridan 2023 yilda qariyb 2,5 ming AQSH dollariga yetganini ma’lum qildi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Afrika mamlakatlarining 17 tasidan ortda ekanmiz.
Undan ham e’tiborlisi, har bir o‘zbekistonlik potensial 2500 dollarga egadek ko‘rinsa ham, aslida tashqi qarzlarni ham hisobga olish kerak. 2024-yilning 1 aprel holatiga O‘zbekistonning davlat qarzi 35,3 mlrd dollarga yetgan. Jamshid Qo‘chqorov o‘sishlaru yutuqlar haqida gapirar ekan, davlat qarzining oshib borishini deputatlar oldidagi o‘z hisobotida “qistirib” o‘tmadi.
Совместное использование: