Русский

Sog‘liqni saqlash sohasida ustuvor vazifalar belgilandi

Отношение

08.05.2025

eye

16

news-single

Davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan birlamchi bo‘g‘in va ixtisoslashgan muassasalarda xizmatlar sifatini oshirish, dori vositalari iste’molini tartibga solish hamda tibbiy ta’limni zamon talablariga mos ravishda isloh qilishga qaratilgan videoselektor yig‘ilishi milliy sog‘liqni saqlash sohasidagi dolzarb muammolarni hal etishda yangi yondashuvlarni qamrab olgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. 


Yig‘ilish avvalida Prezidentimiz tibbiyot sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar so‘nggi yillarda 6 karraga oshib, joriy yilda 42 trillion so‘mga yetganiga alohida to‘xtaldi. Shuningdek, sohaga yuqori malakali kadrlar jalb etilayotgani, xalqaro tajribalar o‘zlashtirilayotganini qayd etdi. 

Biroq, shuncha sa’y-harakatlarga qaramay, aholining tibbiy xizmatdan roziligi yuqori emasligi, tizimning barcha jabhalarida yangi, samarali yondashuvlarga ehtiyoj borligini ham ta’kidlab o‘tdi. Bu borada aholi nima sababdan tibbiy xizmatdan qoniqmayotgani, nega poliklinikalarga emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri shifoxona yoki xususiy klinikaga borayotgani kabi savollar o‘rtaga tashlanib, vaziyat birma-bir tahlil qilindi. 

Xususan, Farg‘ona, Xorazm, Andijon viloyatlarida aholi birlamchi bo‘g‘in bo‘lgan oilaviy shifokorlarni chetlab o‘tib, shifoxona yoki tez tibbiy yordamga murojaat qilayotgani, ya’ni tez tibbiy yordam xizmati poliklinika funksiyalarini bajarayotgani asosli tanqid qilindi. 

Shuningdek, Namangan, Samarqand, Andijon shaharlarida poliklinika shifokorlari kuniga tibbiy standartlarga zid holda 50-60 bemorni qabul qilayotgani, Buxoroda oilaviy shifokorlar “dispetcher”ga aylanib, bemorni faqat yo‘naltirish bilan shug‘ullanayotganiga e’tiroz bildirilib, mavjud tizim amaliy faoliyat, kasalliklarni erta aniqlash va oldini olishdan ancha uzoqlashgani afsus bilan qayd etildi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, sohani zamonaviy talablar asosida isloh qilish, tibbiy xizmatning sifati va fuqarolarni qoniqtirish darajasini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. 

Jumladan, oilaviy shifokor va hamshiralarning mas’uliyati keskin oshiriladi. Endi mahallada infarkt, insult, onalar va bolalarning erta o‘limi, surunkali kasallik tufayli orttirilgan nogironlik bo‘lsa, favqulodda holat sanaladi.

Tumanlardagi shifokorlik punktlari va oilaviy poliklinikalar faoliyati qamrov jihatidan maqbullashtiriladi. 

Bu poliklinikalarda oilaviy shifokorning bazaviy oylik maoshi 500 dollar, hamshiraniki 300 dollar ekvivalenti miqdorida bo‘ladi. Ular malaka sertifikati olsa, yana shuncha ustama to‘lanadi. Agar ular mahallada yurib, surunkali bemorlarni kasallik bilan yashash va uni boshqarishga o‘rgatsa, onkologiya, diabet, insult, infarkt kabi xastaliklarni erta aniqlab, og‘ir asoratlarning oldini olsa, maoshi yanada oshadi. Ya’ni, oilaviy shifokorlar 1,5 ming dollar, hamshiralar esa 600-800 dollargacha ekvivalentda oylik oladigan tizim yaratiladi.

Mazkur tizim joriy yilda 15 ta tuman va shaharda, kelgusi yildan Samarqand viloyatining barcha hududlarda sinovdan o‘tkaziladi.

Yangi tizimga ko‘ra, mahallalardagi oilaviy shifokor punktlari faoliyati qayta tashkil etilib, tuman miqyosida 12 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatadigan 7 ta yirik poliklinika va 27 ta kichik poliklinika faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Tuman markaziy poliklinikasi esa maslahat-diagnostika markaziga aylantirilib, tor ixtisoslikdagi barcha mutaxassislar bir joyda faoliyat yuritadi. Bu esa, o‘z navbatida, aholi uchun ham, tibbiyot xodimlari uchun ham qulay va samarali tizimni yaratishga xizmat qiladi. 

Videoselektor yig‘ilishida tizimda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan yana bir muhim topshiriq berildi. Ya’ni, nogironlikni belgilashda shifokorlik-maslahat komissiyalari degan korrupsion tizimdan to‘liq voz kechilib, endi nogironlik holati oilaviy shifokor rasmiylashtirgan hujjat asosida tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Ahamiyatlisi, soha mutasaddilari va viloyat hokimlariga “Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar” dasturi asosida shifo maskanlarida kutish joylari hamda yo‘laklarni tartibga keltirish, tozalik va tibbiy madaniyatni oshirish topshirig‘i berildi. Ta’lim va barcha ijtimoiy muassasalarda “Toza qo‘llar” dasturi tatbiq etilib, sanitar-gigiyena sharoiti yaxshilanishi aytildi.

Shuningdek, tibbiy yordamning kafolatlangan paketi shakllantirilib, ushbu paket doirasida ko‘rsatiladigan xizmatlar va dori vositalari davlat byudjeti hisobidan qoplanishi ta’kidlandi. 

Yuqorida belgilangan vazifalar elektoratining katta qismini tibbiyot xodimlari tashkil etadigan “Adolat” sotsial demokratik partiyasi Saylovoldi dasturida ilgari surilgan g‘oyalar bilan hamohangligi bizni quvontiradi. 

Bir so‘z bilan aytganda, “Adolat” SDP mazkur islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi va ularning har bir bosqichida hududiy tuzilmalari, deputatlari bilan hamkorlikda faol ishtirok etadi. 

Zero, sog‘lom xalq, barkamol millatgina buyuk ishlarga qodirdir!

Совместное использование:

При использовании информации сайта обязательно указывается ссылка на сайт «aksent.uz». Свидетельство о государственной регистрации средства массовой информации (сайт) № 1043.

Телефон редакции Aksent.uz

+ () --

aksent.uz © 2025