Мир
26.04.2024
74
1986-yilning xuddi shu kunida, 26-aprelida atom energetikasi tarixidagi eng yirik falokat – Chernobil AESda avariya sodir bo‘ldi.
Stansiyaning 4-quvvat blokidagi portlash nafaqat texnogen hodisa sifatida odamlar xotirasida chuqur iz qoldirib, balki atom quvvatiga bo‘lgan munosabatni umrbod o‘zgartirdi.
Falokat Sovet Ittifoqining ham halokatiga sabablar qatorida ko‘riladi. Negaki bu mudhish hodisa sovet xalqining sho‘rolar axborot siyosatiga, umuman esa Kommunistik partiyaga ishonchini tamomila yo‘qqa chiqardi. Gap shundaki, global miqyosdagi fojia to‘g‘risida jahon axborot manbalari bong urib, ayniqsa Yevropa aholisi o‘rtasida hodisaning radioaktiv ta’siridan himoyalanish choralarini ko‘rayotgan bir paytda, sovet informbyurolari hech uyalmay “jannatdan xabarlar”ni uzatishda davom etar, fojia to‘g‘risidagi xabarni esa naqd 3 kun (!) o‘tibgina berishgandi. Davlatning OAVlari bu haqda xalqning o‘zi xabar topib bo‘lganidan keyingina gapirgan edi.
O‘z davlati axborot siyosatidan ko‘ngli batamom sovigan aholi endi dushman OAVlarini faol tinglashni, ularga ishonishni boshladi. Chunki VVS, Ozodlik radiosi, Amerika ovozi kabi “u lagerning karnaylari” fojia haqida o‘z vaqtida, ishonchli ma’lumotlarni berib kelayotgan edi. Sovet davlati va jamiyatidagi haqiqiy muammolar to‘g‘risida ham faqat ular gapirar edi. Afg‘onistondagi urushning ketishi, sovet armiyasining u yerdagi haqiqiy ahvoli, minglab askarlarining ma’nosiz urushdagi o‘limlari haqida ham “ular” so‘zlab berardi. Bu tomonda esa “jannatdan xabarlar”... “Ular” esa qo‘lga kiritilgan bebaho imkoniyatdan foydalanib, xabarlariga balki bo‘htonlarni ham qo‘shib yuborar, sovet aholisi esa endi ularga so‘zsiz ishonar edi. Bir so‘z bilan aytganda, Chernobil falokati orqali sho‘rolar davlati va jamiyati o‘rtasidagi jarlikning paydo bo‘lishi va chuqurlashishi, ishonch deb atalmish poydevor chilparchin bo‘lishining orqaga qaytmas jarayoni boshlanib ketdi...
Falokatning yuzaga kelishi
26-aprel tonggi 01:23 da Chernobil AESning 4-quvvat blokida xavfsizlik tizimlarining sinovlari boshlanadi. Tajriba nazoratdan chiqib ketib, reaktorning portlashiga va dvigatel xonasining vayron bo‘lishiga olib keladi. Soat 03:30 ga kelib olov stansiyani to‘la qamrab oladi. Stansiya xodimlari va o‘t o‘chiruvchilar yong‘inga qarshi kurashishda davom etishar, ammo radioaktiv materiallar atmosferaga tobora ko‘proq tarqalardi.
SSSR rahbariyati bu hodisaga juda sust munosabat bildirib, oradan bir kun o‘tibgina stansiyaga yaqin Pripyat shahri aholisini evakuatsiya qilishga qaror qiladi.
6 may kunidan vayron bo‘lgan reaktorni izolyatsiya qilish uchun beton qobiq qurish ishlari boshlanadi. 15-may kuni (oradan 20 kun o‘tib) stansiyadagi yong‘in butunlay o‘chiriladi.
Xatoning narxi
Jabrlanganlar. Baxtsiz hodisadan keyingi dastlabki haftalarda 31 kishi o‘tkir nurlanish kasalligidan vafot etdi. Keyingi yillarda Chernobil halokati bilan bog‘liq qurbonlar soni o‘n minglarga yetdi.
Muhofaza zonasi. Radiatsiya darajasi ruxsat etilgan me’yorlardan oshib ketgan stansiya atrofidagi 30 kilometrlik zona yashash uchun yaroqsiz hududga aylandi.
Ifloslanish. Chernobil AESdan hosil bo‘lgan radioaktiv bulut Yevropa bo‘ylab tarqalib, Ukraina, Belarus, Rossiya va boshqa mamlakatlar hududlariga ta’sir ko‘rsatdi. Tuproq va suv omborlarining radionuklidlar bilan ifloslanishi uzoq muddatli muammoga aylandi.
Ijtimoiy-iqtisodiy zarar. Avariya SSSR va boshqa mamlakatlar iqtisodiyotiga katta zarar yetkazdi. Buning oqibatlarini bartaraf etish xarajatlari yuzlab milliard dollarni tashkil etdi.
Aholi sog‘ligi. Radiatsiya ta’sirida atrofda yashovchi odamlarda saraton, qalqonsimon bez kasalliklari, bepushtlik va boshqa sog‘liq muammolari soni ortdi.
Atrof-muhit. Radionuklidlar bilan atrof-muhitning ifloslanishi muhofaza zonasi va undan tashqarida flora va faunaga beqiyos salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Baxtsiz hodisa atom elektr stansiyalarida xavfsizlik choralarini kuchaytirish, texnologiyani takomillashtirish va xodimlarni o‘qitish zarurligini, muammoning ko‘lamini va oqibatlarini yashirmasdan, hodisalar haqidagi ma’lumotlarda ochiq va halol bo‘lish qanchalik muhimligini ko‘rsatdi. Chernobildagi hodisa yadro xavfsizligi, axborot almashinuvi va qo‘shma tadqiqotlar sohasidagi xalqaro hamkorlikning katalizatoriga aylandi.
26-aprel kuni Xalqaro Chernobil halokati qurbonlarini xotirlash kuni deb belgilangan. Bu kun atom energiyasi xavfli bo‘lishi mumkinligini va bunday fojialar takrorlanmasligi uchun qo‘limizdan kelganini qilishimiz kerakligini eslatib turadi.
Совместное использование: