Русский

Xalq demokratik partiyasi o‘zini muxolifat deb e’lon qildi

Законодательство

13.05.2025

eye

40

news-single

Bugun, 13-may kuni bo‘lib o‘tgan Qonunchilik palatasining yalpi majlisida Xalq demokratik partiyasi (XDP) fraksiyasi o‘zini muxolifat deb e’lon qildi. Bu haqda partiya fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov rasmiy bayonot o‘qib eshittirdi.

XDPning bayonotida ta’kidlanishicha, partiya bu qarorga Qonunchilik palatasida shakllangan “Taraqqiyot bloki”ning iqtisodiy va ijtimoiy siyosatdagi ayrim ustuvor yo‘nalishlari bilan kelisha olmagani tufayli kelgan. Xususan, strategik tarmoqlarda davlat nazoratining kamayishi, pensiya tizimida bozor mexanizmlariga o‘tish takliflari, kommunal xizmatlarda ijtimoiy himoyaning yetarli emasligi, uy-joy qurilishida fuqarolar huquqlarini kafolatlash mexanizmi yo‘qligi, shuningdek soliq islohotlarida tabaqalashtirish prinsipining amalda qo‘llanilmayotgani kabi masalalar partiyaning tanqidiga sabab bo‘lgan.

Qonunchilikka ko‘ra, hukumat siyosatining umumiy yo‘nalishlari yoki ayrim jihatlari bilan kelisha olmagan partiya fraksiyasi o‘zini parlament muxolifati deb e’lon qilish huquqiga ega. Xalq demokratik partiyasi ana shu huquqdan foydalanib, endi o‘z siyosiy pozitsiyasini aniq va ochiq bayon qilishni maqsad qilgan.

Bayonotda partiya qonun loyihalariga muqobil takliflar kiritish, hukumat dasturlarini tanqidiy baholash, ijtimoiy muammolar bo‘yicha o‘z yechimlarini taqdim etish va parlament nazoratini kuchaytirish kabi vazifalarni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilagan.

Biroz avvalroq, parlamentda muxolifat maqomini huquqiy jihatdan mustahkamlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga jo‘natilgan edi. Ushbu qonunga ko‘ra, muxolifatdagi partiyalar uchun qonunchilik tashabbusi huquqi, muhokamalarda teng ishtirok va parlament nazorati vositalaridan keng foydalanish imkoniyatlari kafolatlangan.

Siyosiy kuzatuvchilar fikriga ko‘ra, XDPning muxolifat maqomini qabul qilishi parlamentda ko‘p ovozlilik va siyosiy muvozanatni ta’minlashda yangi imkoniyatlar yaratadi. 

 

Совместное использование:

При использовании информации сайта обязательно указывается ссылка на сайт «aksent.uz». Свидетельство о государственной регистрации средства массовой информации (сайт) № 1043.

Телефон редакции Aksent.uz

+ () --

aksent.uz © 2025