Общество
29.04.2025
27
Har bir erkin nafas, har bir tinch tong, har bir osoyishta qadam — kecha jonini Vatan uchun fido etganlarning duosi va jasorati samarasidir. Ular biz uchun na faqat tarix, balki jonli ibrat maktabidir. Shuning uchun ham keksa avlod va urush faxriylariga e’tibor — insonlikning eng oliy farzi va qarzi hisoblanadi.
9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Qonunchilik palatasi deputatlari ham o‘ziga xos elga xizmat safarini uyushtirishdi. Xalq vakillari 23–26-aprel kunlari saylov okruglarida bo‘lib, nuroniylarimiz holidan xabar olib, duolar olishdi.
Mavluda Ibragimova Farg‘ona viloyatida istiqomat qiluvchi, 100 yoshni qarshi olgan urush faxriysi Orifjon ota Mo‘minovning xonadonlariga tashrif buyurib, u kishining holidan xabar oldi.
Javlon Abdullayev va Zokirjon Zoxidov So‘x mahallasida 103 yoshni qarshi olgan Subhiniso ona Yusupovaning xonadonlariga mehmon bo‘lib, bu tabarruk yoshga yetgan onaxonning holidan xabar olishdi.
Erkin Hayitov Qamashi tumanining "Mang‘it" mahallasini ziyorat qilib, 1910-yilda tug‘ilgan, 115 yoshga to‘lgan urush faxriysi — Ro‘ziboy Sattorov bilan diydorlashdi.
Imomnazar Tursunov Kasbi tumani "Mug‘lon" mahallasining 103 yoshli qadrdon faxriysi — Xayrullo bobo Shermatovni ziyorat qildi.
Har bir uchrashuvda nuroniylarimizga muhabbat va mehr tuyg‘ulari bilan e’tibor ko‘rsatildi, ularning sinovli hayot yo‘llari haqida to‘lqinli xotiralar eshitildi.
Fidoyilar — xalq g‘ururi va ma’naviy poydevoridir
Front ortida mehnat qilib, urush davrida va undan keyingi qayta qurish yillarida tinmasidan harakat qilgan bunday fidokor insonlar bugungi tinch hayotimiz poydevorini qurgan shaxslardir. Ularga ehtirom ko‘rsatish — faqat bir kunlik emas, butun hayotimizga singib ketishi lozim bo‘lgan insoniy burchdir.
Xotira abadiydir. Fidoyilarni eslash — bugungi va kelajak avlod uchun vatanparvarlik sabog‘idir.
Совместное использование: