Законодательство
20.02.2024
119
Zo‘ravonlik xavfi ostidagi bolalar toifalari shakllantirilmoqda
Qonunchilik palatasida “Bolalarni zo‘ravonliklarning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi fraksiyalarda muhokama qilinib, palata majlisiga kiritishga tayyorlanmoqda.
Qonun loyihasi Adliya vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va UNICEF hamkorligida ishlab chiqilgan. Loyiha o‘tgan yilning 12-oktyabrida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi. 27-oktyabrda muhokama yakuniga yetgan. Hozirda qonun loyihasi parlamentda ko‘rib chiqilmoqda.
Aksent.uz loyihaga fraksiyadan mas’ul bo‘lgan deputat bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi.
Qonunchilik palatasining deputati Tursunoy Muratovaning aytishicha, bu qonun kuchga kirsa bolalar zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoyaga ega bo‘lishadi. Jumladan jabrlanuvchilarning quyidagi huquqlari mustahkamlanmoqda;
o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilgani, tahdid qilingani yuzasidan ariza berish yoki sudga murojaat etish;
barcha turdagi bepul taqdim etiladigan maslahatlardan foydalanish;
himoya orderi berish to‘g‘risidagi talab bilan murojaat qilish;
sodir etilgan zo‘ravonlik natijasida o‘ziga yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanishi hamda ma’naviy ziyon kompensatsiya qilinishini talab qilishi mumkin.
Hukumat, Bolalar ombudsmani, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, prokuratura organlari, ichki ishlar organlari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi; mahalliy hokimiyat organlari va boshqalar zo‘ravonlikdan himoya qilish faoliyatiga mas’ul hisoblanadi.
Biz "qaysi turdagi bolalar zo‘ravonlik xavfi ostidagi bolalar" deb hisoblanishi yuzasidan ham fraksiya a’zolaridan javob oldik. Loyihaga ko‘ra:
yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lganlar;
hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘diradigan yoxud ta’minlash, tarbiyalash talablariga javob bermaydigan sharoitdagilar;
ota-onasi yashash joyi bo‘yicha vaqtincha bo‘lmaganda yoki ularning ota-onalik majburiyatini vaqtincha bajara olmasligi davrida vasiy yoki homiy tayinlanmaganlar;
nazoratsiz yoki qarovsiz qolganlar, ijtimoiy jihatdan og‘ir ahvolda bo‘lganlar, nogironligi bo‘lganlar;
otasi yoki onasi ruhiy kasalliklar dispanseri yoxud narkologiya muassasalarida hisobda turganlar;
ota-onasiga yoki ulardan biriga qamoqqa olish, ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanganlar;
otasi yoki onasi JK va MJtKning belgilangan ayrim moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlar;
g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etganlar, fohishalik bilan shug‘ullanayotganlar va vakolatli organ tomonidan aniqlanadigan boshqa toifadagi bolalar.
Qonun loyihasi fraksiyalarda ma’qullandi, endilikda palata majlisida ko‘rib chiqilishi mumkin.
Совместное использование: