Jamiyat
27.09.2025
20
Toshkent viloyatining bir qator tumanlarida maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarning ommaviy zaharlanishi jamoatchilikda katta tashvish uyg‘otdi. Shifoxonalarga murojaat qilgan bolalar soni ortib borayotgani bu holatning jiddiyligidan dalolat bermoqda.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi mazkur holatni faqat tibbiy muammo sifatida emas, balki butun jamiyat uchun jiddiy ogohlantiruvchi qo‘ng‘iroq sifatida baholamoqda.
Partiyaning fikricha, farzandlar salomatligi – eng ustuvor masala. Ularga berilayotgan ozuqa mahsulotlari sifati ustidan nazoratning sustligi bugungi vaziyatning asosiy sabablaridan biri hisoblanadi. Shu bois oziq-ovqat xavfsizligi sohasida belgilangan sanitariya qoidalari va standartlarga qat’iy amal qilish har bir ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchining bevosita burchi bo‘lishi lozim.
“Adolat” SDP jamoatchilik nazorati mexanizmlarini kuchaytirish, ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilar faoliyatini ochiq-oshkora monitoring qilish zarurligini ta’kidlaydi. Bu holat nazorat va mas’uliyat yo‘qolganda butun jamiyat qanday xavf ostida qolishini yaqqol ko‘rsatdi.
“Adolat” SDP Matbuot xizmatining xabar berishicha, vaziyat partiyaning Siyosiy Kengashi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tomonidan nazoratga olindi. Deputatlar ishtirokida tuzilgan ishchi guruh voqea yuz bergan hududlarda o‘rganish ishlarini boshladi va muammoning asl sabablariga oydinlik kiritish ustida ish olib bormoqda.
Partiya mas’ul shaxslar aniqlanib, qonuniy javobgarlikka tortilishi shartligini keskin talab qiladi. Shu bilan birga, oziq-ovqat xavfsizligi sohasida davlat nazoratini tubdan kuchaytirish zarurligini ilgari suradi.
Shu munosabat bilan, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda bu holatga aloqador shaxslarning harakatlariga qonuniy baho berish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga deputatlik so‘rovi yo‘lladi.
Ulashish: