O'zbekcha

Toshkent viloyatida bolalar salomatligi bilan bog‘liq holat: deyarli barcha tarbiyalanuvchilar sog‘aydi, bog‘chalar odatiy ish tartibiga qaytmoqda

Jamiyat

30.09.2025

eye

20

news-single

Toshkent viloyatidagi bir nechta maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar salomatligi bilan bog‘liq holat yuz bergani haqida avval xabar berilgan edi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, shifoxonaga yotqizilgan bolalarning deyarli barchasi to‘liq sog‘ayib, oilalari bag‘riga qaytdi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekovning ta’kidlashicha, hozirda bolalar sog‘ligiga xavf yo‘q.


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bildirishicha, ushbu holatni bartaraf etish jarayoni Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik qo‘mitasi bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirildi. Barcha davr mobaynida jamoatchilikka doimiy ravishda axborot taqdim etildi.

Shu bilan birga, vazirlik autsorsing asosida ovqatlanish xizmati ko‘rsatayotgan xususiy korxonalar faoliyatini qattiq nazoratga olishini ma’lum qildi. Qonunbuzarlik yoki kamchiliklar aniqlansa, tegishli shartnomalar qayta ko‘rib chiqiladi yoki bekor qilinadi.

Vazirlik shu masalada o‘z mas’uliyatini chuqur his qilayotganini bildirib, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish uchun ota-onalar, ekspertlar va jurnalistlardan iborat maxsus komissiya tashkil etilishini ma’lum qildi. Ularning xulosalari muntazam ravishda aholiga yetkazib boriladi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga ko‘ra, ko‘rilayotgan tizimli choralar nafaqat mazkur holatni bartaraf etish, balki kelgusida bunday holatlarning oldini olishga ham xizmat qiladi.

Ulashish:

Sayt axborotlaridan foydalanishda “aksent.uz” sayti havolasi ko‘rsatilishi shart. 1043 sonli OAV (veb-sayt) davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnoma.

Aksent.uz tahririyatining telefon raqami

+ () --

aksent.uz © 2025