Iqtisodiyot
13.06.2025
18
2025-yil 10–11-iyun kunlari IV-Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashi majlisi bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli tadbirlarda 100 ga yaqin davlatdan 3 mingga yaqin xorijiy mehmon ishtirok etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida O‘zbekistondagi islohotlar, investitsiya muhiti va global hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritdi.
Investitsiya — barqaror taraqqiyot kafolati
Forumning asosiy mavzusi — investitsiyalarni faqat iqtisodiy emas, balki ijtimoiy taraqqiyot, tinchlik va inson qadrini ta’minlovchi omil sifatida qayta ko‘rib chiqish bo‘ldi. Prezident “daromad keltiradigan, biroq inson qadrini ulug‘laydigan investitsiya muhitini yaratish”ga chaqirdi.
Yalpi ichki mahsulot – 2 barobar o‘sish
So‘nggi 8-yilda O‘zbekistonning YAIM 2 barobarga o‘sdi. 2024-yilda 35 mlrd dollarlik investitsiya va 27 mlrd dollarlik eksport qayd etildi. 2030-yilgacha YAIMni 200 mlrd dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Yashil energiya va raqamli iqtisodiyot – yangi drayverlar
“Yashil” energetikaga 6 milliard dollar investitsiya jalb etildi. Elektr ishlab chiqarish hajmi 59 mlrd kVt/soatdan 82 mlrdga yetdi. 2030-yilgacha bu ko‘rsatkich 120 mlrd kVt/soatga chiqishi va “yashil” energiya ulushi 54% bo‘lishi rejalashtirilgan.
IT sohasida 2025-yilda eksport 1 mlrd dollarga yetadi. 2030-yilgacha bu ko‘rsatkichni 5 barobar oshirish maqsad qilingan. Sun’iy intellekt va “Bulutli texnologiyalar” platformalari yo‘lga qo‘yiladi.
Moliya sektori va venchur bozori
XVJ va Jahon banki bilan birgalikda moliya sektorining to‘liq bahosi o‘tkazildi. Sug‘urta, qayta sug‘urtalash, moliyaviy texnologiyalar, startaplar va venchur investitsiyalar jadal rivojlanmoqda. Ikki startap qiymati 1 mlrd dollardan oshgan.
Geologiya va sanoat texnoparklar
O‘zbekiston yer osti boyliklari 3 trillion dollarga baholangan. Toshkent va Samarqandda “Kelajak metallari texnoparki” qurilmoqda. Investorlarga 10-yillik soliq imtiyozlari joriy etiladi.
Xorijiy investorlar uchun qulay muhit
“Milliy rejim”, “yagona darcha”, investitsiyani ortiqcha tekshiruvlardan himoya qilish tizimlari joriy etildi. “Milliy investitsiya jamg‘armasi” orqali 2 mlrd dollarlik aktivlar xalqaro bozorga chiqariladi.
Logistika va yangi shahar
Samarqand, Urganch, Buxoro, Namangan aeroportlari xususiy sheriklikka berildi. Yangi Toshkent shahrida 20 mln yo‘lovchiga xizmat qiluvchi Multimodal Hub va moliyaviy markazlar quriladi.
Xalqaro hamkorlik va integratsiya
JST a’zoligi uchun to‘liq moslashish jarayoni ketmoqda. Markaziy Osiyoda “Investitsiya va savdo uchun yaxlit hudud” konsepsiyasi taklif qilindi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonga 1 mlrd dollardan ortiq sarmoya kiritdi.
IV-Toshkent forumi O‘zbekistonning ochiq, modernizatsiyalashgan, ekologik barqaror va raqamli iqtisodiyot sari dadil qadam tashlayotganini ko‘rsatdi. Prezident Mirziyoyevning aniq maqsadlari va global hamkorlarga taklif etilgan kafolatlar yurtimizni mintaqada yetakchi investitsiya markaziga aylantirishga xizmat qiladi.
Ulashish: