O'zbekcha

O‘zbekiston yoshlari – o‘zgarishlar markazida

Jamiyat

01.07.2025

eye

7

news-single

30-iyun kuni bo‘lib o‘tgan Yoshlar kuni munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev minglab faol yoshlar bilan uchrashib, ularni rag‘batlantirish, ularning imkoniyatlarini kengaytirish va kelajakka bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga doir muhim yo‘nalishlarni belgilab berdi:

  • Ta’lim – O‘zbekistonning oltin investitsiyasi

Bugungi kunda 1500 nafar yoshimiz TOP-300 universitetlarda tahsil olmoqda. “Garvardchilar maktabi” faoliyati boshlanib, har yili 3000 nafar eng salohiyatli o‘quvchi dunyoning eng nufuzli oliygohlariga tayyorlanadi.

STEM, arxitektura, energetika kabi yo‘nalishlarda tahsil olish uchun “El-yurt umidi” kvotalari bir necha baravar oshiriladi, banklar 20 ming dollargacha imtiyozli kreditlar beradi.

  • Sun’iy intellekt – zamon talabi

“AI Study” platformasi orqali bu yil 100 ming yosh AI texnologiyalarini o‘rganadi. Har bir viloyatdan 100 nafar informatika o‘qituvchisi maxsus kursga jalb qilinadi. 5 yilda barcha bitiruvchilar AI bo‘yicha yetarli bilimga ega bo‘ladi.

  • Yoshlar bandligi: “daromadli yo‘l”ga o‘tmoqda

“Yoshlar biznesi” va “Kelajakka qadam” dasturlari orqali 240 ming yosh ishli bo‘ladi. Banklarga bu yo‘nalish uchun 300 mln dollar ajratilgan. Shu bilan birga, “Men kasbimni tanlayman” tanlovi orqali o‘quvchilarga kasb tanlashda yordam beriladi.

  • Startaplar va kreativ g‘oyalar uchun maydon ochildi

50 ming nafar qiz “Raqamli avlod” loyihasiga jalb qilinadi, 145 mln dollarlik venchur kapital startaplarni qo‘llab-quvvatlaydi. Maktabdan boshlab “mo‘hirlik va biznes soatlari” joriy qilinadi va eng yaxshi g‘oyalarga 100 mlrd so‘m grant ajratiladi.

  • Madaniyat, sport va harbiy-vatanparvarlik – kuchli jamiyat asosidir

400 mingga yaqin o‘quvchi teatr, ansambl va tanlovlarda ishtirok etdi. Endi ular chekka hududlardagi maktablarga borib, chiqishlar qiladi. Harbiy-sport musobaqalarida esa 244 mingdan ortiq yosh qatnashdi.

  • Yoshlar siyosatining global yutuqlari

O‘zbekiston BMTning “Yoshlar – 2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan TOP-10 davlat qatoridan joy oldi. Buxoro – Turk dunyosi yoshlar poytaxti, Toshkent – MDH yoshlar poytaxti bo‘ldi.

  • Yetakchilik maktabi: "Kelajak liderlari" dasturi

Endilikda har yili 100 nafar iqtidorli yosh “Kelajak liderlari” dasturiga jalb etiladi. Ular ikki oy hukumat amaldorlari bilan tajriba orttiradi va bir oy xorijda amaliyot o‘tashi orqali rahbarlikka tayyorlanadi.

Prezident uchrashuvida ilgari surilgan tashabbuslar faqat g‘oya emas – ular real imkoniyat. Yoshlarga qaratilgan bu siyosat ertangi O‘zbekistonning qiyofasini belgilab bermoqda.

Ulashish:

Sayt axborotlaridan foydalanishda “aksent.uz” sayti havolasi ko‘rsatilishi shart. 1043 sonli OAV (veb-sayt) davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnoma.

Aksent.uz tahririyatining telefon raqami

+ () --

aksent.uz © 2025