O'zbekcha

Shoh va shoir bobomiz haqida nimalarni bilamiz?

Info-taqdim

14.02.2024

eye

988

news-single

O‘zbek mumtoz adabiyotining so‘nmas yulduzi, ulug‘ shoir, davlat arbobi, iste’dodli sarkarda, tarixchi, geograf, boburiylar sulolasi asoschisi, temuriy shahzoda Zahiriddin Muhammad Bobur millatimizning eng yorqin vakillaridan.

Ulug‘ ajdodimiz haqida ingliz olimi Uilyam Erskin shunday degan edi: “Saxovati va mardligi, iste’dodi, ilm-fan, san’atga muhabbati va ular bilan muvaffaqiyatli shug‘ullanishi jihatidan Osiyodagi podshohlar orasida Boburga teng keladigan birorta podshoh topilmaydi”.

Bugun Bobur Mirzo tavalludiga 541-yil to‘ldi. Shu munosabat bilan  ulug‘ olim va sarkarda haqida eng muhim 12 ta faktni yodingizga solmoqchimiz.

1. Zahiriddin Muhammad Bobur 1483-yil 14-fevralda Andijonda dunyoga kelgan. Ota tomondan Sohibqiron Amir Temurga 5-avlod hisoblanadi

2. Asl ismi Zahiriddin Muhammad ibn Umarshayx Mirzo bo‘lib, Bobur uning taxallusidir (dovyurakligi va jasurligi uchun u yoshligidan “Bobur” (“Sher”) laqabini olgan)

3. Boburning otasi — Umarshayx Mirzo Farg‘ona viloyati hokimi, onasi — Qutlug‘ Nigorxonim Mo‘g‘uliston xoni va Toshkent hokimi Yunusxonning qizi edi

4. Otasi 39 yoshida fojiali halok bo‘lgach, oilaning katta farzandi, 12 yoshli Bobur valiahd sifatida taxtga o‘tiradi (1494-yil iyun)

5. Boburning onasi o‘qimishli va oqila ayol bo‘lib, unga boshqaruv ishlarida faol ko‘mak bergan, harbiy yurishlarida hamrohlik qilgan

6. “Boburnoma” Movarounnahr, Xuroson, Hindiston xalqlarining XV asr oxiri, XVI asrning birinchi yarmidagi tarixini o‘zida aks ettirdi, shu bilan birga juda ko‘p dolzarb iqtisodiy, ijtimoiy masalalar, nomlari keltirilgan diyorlarning o‘zaro siyosiy-iqtisodiy va savdo munosabatlari, geosiyosiy mavqei, iqlimi, o‘simlik va hayvonot dunyosi, tog‘lari, daryolari, xalqlari, qabila va elatlari va ularning turmush tarzlari, urf-odatlari, muhim tarixiy inshootlari – hindular va musulmonlarning ibodatxonalari, to‘y va dafn marosimlari haqida nihoyatda nodir ma’lumotlarni o‘zida qamrab olgan shoh asardir. Shu bois “Boburnoma” tarixiy va adabiy meros sifatida dunyo olimlarini hayratda qoldirib kelgan

7. “Boburnoma” voqealari Andijon, Samarqand, Xo‘jand, Hirotdan boshlab Kobul va Agragacha qamrovga ega. Unda O‘rta Osiyodan Hindistongacha bo‘lgan makondagi deyarli 50-yillik voqealar o‘z ifoda va bahosini topgan

8. Boburning «Mubayyin» asari masnaviy tarzida yozilgan bo‘lib, Islom huquqshunosligi va shariat aqidalariga bag‘ishlangan

9. Boburning aruz vazni va qofiya masalalariga bag‘ishlangan “Mufassal” nomli asari ham bo‘lgani ma’lum, biroq u bizgacha yetib kelmagan

10. Bobur Afg‘onistonda «Bog‘i Shahroro», «Bog‘i Jahonoro», «O‘rtabog‘», «Bog‘i vafo» va «Bog‘i Bobur» kabi oromgohlar tashkil etgan

11. Alisher Navoiy va Boburning munosabatlari 1500-yillar – Boburning Samarqandni ikkinchi marotaba qo‘lga kiritganidan boshlangan

12. Boburiylar sulolasi Hindistonda uch yarim asrga yaqin hukm surgan.

Ulashish:

Sayt axborotlaridan foydalanishda “aksent.uz” sayti havolasi ko‘rsatilishi shart. 1043 sonli OAV (veb-sayt) davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnoma.

Aksent.uz tahririyatining telefon raqami

+ () --

aksent.uz © 2026